Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyo ekspertlari davra suhbati tashkil etildi
23-24 iyul kunlari Toshkentda «Markaziy Osiyo taraqqiyot va integratsiya forumi» NNT, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) qoshidagi Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti (IAIS), «Saferworld» XNT hamda Tadqiqotlar va xavfsizlikni oʻrganish markazi (CRSS) tomonidan hamkorlikda «Koʻpriklarni barpo etib: Tinchlik va taraqqiyot yoʻlida mintaqaviy muloqot» mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Ikki kun davom etgan akademik tadbirda O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston va Misrdan kelgan olimlar va ekspertlar Markaziy va Janubiy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va hamkorlikning dolzarb muammolari va imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Davra suhbati mintaqaviy vaziyatning tobora murakkablashib borayotgani sharoitida o‘zaro muloqotni chuqurlashtirish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni rag‘batlantirishga xizmat qildi.
«Barqarorlikni ta’minlash uchun olimlarni jalb qilish» nomli birinchi sessiyada, ayniqsa, ta’lim, ijtimoiy adolat va tenglikka inklyuziv yondashuvlar orqali tinch rivojlanishga ko‘maklashishda akademik institutlarning muhim roli muhokama qilindi.
«Mintaqaviy istiqbollarni tushunish» deb nomlangan ikkinchi sessiya Afg‘oniston va unga qo‘shni mamlakatlarda tinchlikni mustahkamlash va huquqlarni himoya qilishda mintaqaviy ishtirokchilarning hissasini baholashga qaratildi.
Mehmonlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi va «Xast Imom» tarixiy majmuasida ham bo‘lib, ilohiyotshunos olimlar bilan fikr almashdilar.
«Markaziy Osiyo taraqqiyot va integratsiya forumi» ТТЕ mintaqada ilmiy va akademik almashinuvni yanada kengayishiga umid qilib qoladi.









